Prezident kambag‘allik darajasi so‘nggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushganligini ta’kidladi
Asosiy masalaga o‘tishdan oldin Prezident o‘tgan 5 yilda har tomonlama puxta o‘ylab qabul qilingan dasturlar ijrosi qanday ta’minlangani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda (2018 yilda – 1 ming 600 dollar bo‘lgan).
Xususan, Jahon banki 2024-yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olganini e’tirof etdi.
Kambag‘allik darajasi so‘nggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizga tushishi kutilmoqda.
Eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 40 milliard dollardan oshdi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra ko‘payib, buning hisobiga 1,5 million ta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalar ulushi 30 foiz darajasida ta’minlandi.
Oldin to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan sohalar, ya’ni, energetika, kimyo, aviatsiya, geologiya, metallurgiya, mashinasozlik, ta’lim va tibbiyotda xususiy sektorga va davlat-xususiy sheriklik munosabatlariga keng yo‘l ochilgani ularning rivojida kuchli omil bo‘lmoqda.
Ayniqsa, energetika sohasida tom ma’noda tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi 1,5 karra o‘sib, 83 milliard kilovatt-soatga yetgani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 2,7 million kilovatt-soat bo‘lgan 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar ko‘paydi.
O‘tgan davrda 25 mingdan ziyod xususiy bog‘cha, 70 ga yaqin nodavlat oliygohi tashkil etilib, qamrov maktabgacha ta’limda – 74 foizdan, oliy ta’limda esa – 39 foizdan oshdi.
Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida azmu shijoatli sportchilarimiz chinakam rekord natijalarni qayd etib, jami 39 ta medal, jumladan 18 ta oltin medalni qo‘lga kiritdilar.
“O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan bunday yutuqlar barchamizga yangi kuch-g‘ayrat baxsh etishi tabiiydir”, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident jahon miqyosida hukm surayotgan bugungi o‘ta keskin va og‘ir sharoitda yurtimizda tinchlik va hamjihatlikni saqlab, iqtisodiyotimizda barqaror o‘sishni ta’minlab, mana shunday marralarga erishish oson bo‘lmaganini ta’kidladi.
Kelgusi 5 yilda aholimiz soni 40 milliondan ortishi kutilmoqda. Bunday demografik o‘sish, albatta, katta imkoniyat, lekin, shu bilan birga bu holat oldimizga yangi-yangi, o‘tkir vazifalarni qo‘yishi ham shubhasiz.
Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, ekologiya, energetika, transport, yo‘l, ichimlik suvi ta’minoti, aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi muhim sohalarda xalqimizning talab va ehtiyojlari tobora o‘sib borayotgani ta’kidlandi.
Bugun Bosh vazir lavozimiga tavsiya etiladigan nomzod ana shu masalalarning barchasini hisobga olib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘z dasturini taqdim etishi kerakligi qayd etildi.
Sharhlar