Prezident maktablarining 1-bosqich imtihon natijalari e’lon qilindi
Prezident maktablarining 1-bosqich imtihon natijalari e’lon qilindi. Imtihon natijalarini Cambridge Assessment International Education tashkilotining rasmiy veb-sahifasi orqali aniqlash mumkin.
Prezident maktablariga birinchi — saralash bosqichi imtihonlari 7-iyul kuni bo‘lib o‘tgan edi. Ikkinchi bosqich testlari esa 27-iyul kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, prezident maktablariga kirish imtihonlari ikki bosqichda quyidagi fanlardan o‘tkaziladi:
– Birinchi bosqich — matematika fanidan (jami 30 ta topshiriq) test shaklida o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 nafar hisobidan (har bir maktabda jami 480 nafar) maksimal ball to‘plagan o‘quvchilarga ikkinchi bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi.
– Ikkinchi bosqich kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida o‘tkaziladi: matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha 40 ta;
ingliz tili fanidan grammatika (Grammar component) va matn bilan ishlash (Reading component) bo‘yicha 40 ta test savollari.
Prezident maktablariga o‘quvchilar belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida ikkita sinfga bir xil 12 nafardan jami 24 nafar o‘quvchi hamda ijod va ixtisoslashtirilgan maktablariga Agentlik tomonidan belgilangan kvota doirasida o‘quvchilar qabul qilinadi.
O’quvchilar Prezident maktabi hamda ixtisoslashtirilgan maktablariga hujjat topshirish jarayonida ularga ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablaridan birini qo‘shimcha tanlash imkoniyati beriladi.
Bunda, Prezident maktabi kirish imtihonining 2-bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan o‘quvchilar hududdagi o‘zi tanlagan ixtisoslashtirilgan maktabiga belgilangan kvota doirasida, to‘plagan ballari ketma-ketligi bo‘yicha imtihonsiz qabul qilinadi. Bunda kvota doirasidan oshib ketsa imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Sharhlar