Prezident Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi

Фото: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, faxriy mehmonlar sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.

“Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan o‘zgartirdi”,  – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mintaqa mamlakatlari samarali hamkorlik qilib, muhim masalalarni hal eta boshlagani ta’kidlandi. O‘zaro savdo, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, fuqarolarning tashriflari bir necha barobar oshdi. Xorijiy davlatlarning mintaqaga qiziqishi sezilarli darajada oshdi, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi turli uchrashuvlar shundan dalolat beradi.

“Bugun biz umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlangani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin”, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari hamkasblarining mintaqaviy o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va institutlarini ishga tushirish, jumladan, milliy koordinatorlar, tarmoq vazirliklari va idoralari vakillari uchrashuvlari bo‘yicha takliflarini qo‘llab-quvvatladi. Hozirgi bosqichda qabul qilinayotgan qarorlarni amalga oshirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ta’sirchan vositalar kerakligini ta’kidladi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.