Prezident metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025-yilgi rejalari bilan tanishdi.
So‘nggi yetti yilda bu sohada ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sgan. Xususan, yillik oltin qazib olish hajmi 2016-yilga nisbatan 26 tonnaga, kumush 77 tonnaga, mis 32 ming tonnaga oshgan.
Oxirgi besh yilda tog‘-kon va metallurgiyaga qariyb 9,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 15 ta yirik loyiha ishga tushirildi. Natijada bu soha iqtisodiyotni transformatsiya qilishda eng muhim drayverga aylanmoqda. Mamlakatimiz sanoati hajmining uchdan biri uning hissasiga to‘g‘ri kelayapti.
Tog‘-kon sanoati elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, zargarlik kabi tarmoqlar uchun xomashyoni ko‘paytirib, ularning o‘sishiga katta turtki berayapti. Shuningdek, kombinatlar 60 dan ortiq kichik va o‘rta korxonalar bilan kooperatsiya asosida yaqindan ishlayapti.
Bularni davom ettirib, iqtisodiy samaradorlikni oshirib borish – zamon talabi. Tarmoq korxonalarini jahon moliya bozorida jozibador kompaniyalarga aylantirish kerak.
Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri hamda kombinatlar rahbarlari shu boradagi rejalar bo‘yicha axborot berdi.
Jumladan, 2025-yilda tog‘-kon va geologiya sohasidagi loyihalarga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Kaolin ishlab chiqarishni 50 foiz oshirish, ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bu yil ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, 1 milliard dollar arzon resurs jalb qildi. Kelgusi yil yana 500 million dollar yevrobond chiqarish rejalashtirilgan.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv prokatlash majmuasi ishga tushiriladi. O‘zbekiston texnologik metallar kombinatida “yashil iqtisodiyot” uchun muhim bo‘lgan noyob metallar xomashyosi kengaytiriladi.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarish qilishi zarurligini ta’kidladi.
Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni to‘liq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablag‘ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Korxonalar jahondagi o‘zgarishlarga tez moslashib, yangi tashabbuslar ko‘rsatishi zarurligi aytildi. Tejamkorlik va samaradorlik tamoyili asosida xarajatlarni kamaytirish, sanoat tarmoqlarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari belgilandi.
Sharhlar