Prezident Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari oʻz nutqida yuksak ishonchga sazovor boʻlib, Senat aʼzosi etib saylanganlarni samimiy muborakbod etdi. Senatorlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot yaratish yoʻlida bor bilim va tajribasini, kuch va salohiyatini ishga solishiga umid bildirdi.
Saylovlar natijasida beshinchi chaqiriq Senatning tarkibi sifat jihatidan yuqori darajada – koʻplab yetakchi soha va tarmoqlar vakillari, taniqli siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan va madaniyat namoyandalaridan iborat boʻlib shakllangani taʼkidlandi.
Senatorlarning har 3 nafaridan biri ilmiy darajaga ega. Qariyb 27 foizi yoki 16 nafari xotin-qizlar ekani oila, onalik va bolalik, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, umuman, ijtimoiy masalalar boʻyicha qonunchilik faoliyati hamda parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi saylangan mahalliy kengashlar tarkibi va maqomiga koʻra oldingi holatdan mutlaqo farq qiladi. Ularning tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ilk bor deputat boʻlgani ham shundan dalolat beradi.
Ayniqsa, kengashlarda ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetgani, 30 yoshgacha boʻlgan deputatlar soni 3,5 karra oshgani Senat faoliyatini endilikda yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etishda muhim rol oʻynaydi.
Turli mintaqalardagi qonli toʻqnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqlim oʻzgarishlari, iqtisodiy inqirozlar, terrorizm va ekstremizm tahdidlari, qochoqlar muammolari tobora kuchayib bormoqda.
Mana shunday tahlikali vaziyatda faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga erisha olishimiz taʼkidlandi. Mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar ana shu oʻtkir haqiqatni, oʻz zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni chuqur anglab ish olib borishiga ishonch bildirildi.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ulugʻvor vazifalarni amalga oshirishda yuqori palataning avvalgi tarkibi munosib hissa qoʻshgani taʼkidlandi. Ayniqsa, ayollar huquqlarini ishonchli taʼminlash, xotin-qizlar va bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish masalalarida Senat alohida faollik koʻrsatdi.
Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshib bormoqda. Oʻtgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo doʻstlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetdi.
Senat Osiyo xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlararo forumi kabi yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi. Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi, yaʼni yubiley anjumani kelgusi yili poytaxtimizda oʻtkazilishi ham alohida eʼtiborga loyiq.
Senatda davlatlararo kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini taʼminlash boʻyicha ilk bor ijobiy amaliyot yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.
Sharhlar