Prezident qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni qishloq xo‘jaligidagi islohotlar ijrosiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatda 136 ta tumanda 1 million gektardan ziyod yerda paxta yetishtiriladi. Hosildorlikni oshirish maqsadida bu yil, odatdagilariga qo‘shimcha, 42 ta istiqbolli va 18 ta xorijiy navlar ekilgan. Jumladan, ilk bor Xitoy, Hindiston va Turkiyadan olib kelingan navlar qariyb 100 ming gektarda yetishtirilmoqda.
Shuningdek, yangi tajribalar sifatida 112 ming gektarga tindirilgan urug‘, 200 ming gektarga viloyatlararo va tumanlararo navlar almashlab ekildi.
Mutasaddilar ushbu yangiliklarning natijalari va kelgusi yil uni yanada kengaytirish rejalari yuzasidan axborot berdi. Davlat rahbari xorijdan urug‘ olib kelishda raqobat muhitini yaratish, paxta yetishtirish agrotexnikasini ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Qishloq xo‘jaligidagi hosildorlik, birinchi navbatda, uruqqa bog‘liq. Lekin ko‘p fermerlar urug‘lik uchun ustamani kam to‘lashni o‘ylab, past avlodli urug‘ ekayapti. Yangi urug‘ navini sinovdan o‘tkazib, davlat reyestriga kiritishga esa 5 yil ketayapti. Ilg‘or tajribada birlamchi urug‘chilikni xususiy elita xo‘jaliklari amalga oshiradi.
Shu bois navlarni sinashning yangi tizimi joriy qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, 31 ta elita urug‘chilik xo‘jaligi va 6 ta urug‘lik tayyorlash sexidagi davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladi. 46 ta urug‘chilik korxonasi birlashtirilib, hududlarda 13 ta zamonaviy korxona tashkil etiladi. Yangi urug‘lar 2 yilda ekishga joriy qilinadi.
Sohadagi yana bir katta yo‘nalish bog‘dorchilik va uzumchilik. Mamlakatda 266 ming gektar bog‘ va 132 ming gektar tokzor bor. Shunga qaramasdan hududlarda yaxshi foydalanilmayotgan yerlar, bo‘sh adirlar talaygina.
Endi bunday yerlarda mevali bog‘lar, jumladan, uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy qilinadi.
Ya’ni, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib, loyihalarning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi. Yerni tayyorlash, ko‘chat olish, ekish va sug‘orish tizimlari o‘rnatish hamda bog‘ hosilga kirguncha 3 yil parvarishlash uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yangi tashkil etilgan sanoatlashgan bog‘larga 100 foiz zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatiladi.
Shuningdek, bunday loyihalarga yer ajratish tizimi ham o‘zgaradi. Mahalliy hokimlar hosildorligi past yerlar o‘rnida bog‘ barpo etish bo‘yicha taklif kiritadi. Ular ochiq elektron tanlov asosida 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi.
Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ularni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Sharhlar