Prezident Qoraqalpog‘istonda ochilgan IT-parki filiali bilan tanishdi

Фото: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi.

So‘nggi yillarda mamlakatda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Yetti yil oldin mamlakatda IT kompaniyalari soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingtadan oshdi. Ularda 30 ming nafar xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 ming nafardan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanayapti.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida shu sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish va 300 ming nafar yoshni ish bilan band qilish rejalashtirilgan. Chekka hududlarda ham IT-shaharchalar tashkil etishga kirishilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘istonda IT-park rezidentlari soni o‘tgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga oshib, 108 tani tashkil etdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan. 2024-yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport hajmi esa 1,7 barobarga ko‘paydi.

Ta’lim rezidentlari tomonidan 25 ming nafar yosh va davlat xizmatchilari o‘qitilib, malakasi oshirildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida onlayn platforma orqali 2023-yilda 18 ming nafar yosh o‘qitilgan bo‘lsa, 2024-yilning shu kuniga qadar 29 ming nafar yosh o‘qitildi. Joriy yil 33 mingdan ziyod yoshga ta’lim berish rejalashtirilgan.

Prezidentga binoda bajarilgan ishlar, sohadagi natijalar va rejalar haqida axborot berildi.

Masalan, avval AQSHning Amazon kompaniyasida ishlagan qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov yurtiga qaytib, o‘zining HUPO startapiga 4 million dollar sarmoya jalb qilgan. Davlat rahbari u bilan suhbatlashib, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Davlat rahbari IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikrlarini tinglab, takliflarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

“Bu sohada startaplarni hayotga tatbiq etsak, ham tarmoqlarda natijadorlik oshadi, ham davlat xarajati kamayadi, ham yoshlar uchun ish o‘rinlari paydo bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.