Prezident: Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritib, biznes qilishni boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor
Ko‘chmas mulk buzilishi bo‘yicha kompensatsiya to‘lashda haligacha muammolar borligi qayd etildi.
Hozirda ushbu xarajatlar viloyat budjeti hisobidan qoplanayapti. Lekin ayrim viloyatlar budjetida mablag‘ kam qolayotgani uchun tadbirkorning pulini qoplab berish 5-6 yilga cho‘zilib ketmoqda.
Endilikda yer savdosidan tushgan mablag‘lar avvalo buzilishlar bo‘yicha tadbirkorlardan qarzni so‘ndirishga qaratiladi.
“Jahondagi vaziyatni ko‘rib turibsiz. An’anaviy bozorlarni saqlab qolish, yangilariga kirib borish, buning uchun logistika marshrutlarini diversifikatsiya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Nima uchun bu yilgi ochiq muloqotni aynan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazyapmiz? Chunki Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritib, biznes qilishni boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor. Birinchisi – Qoraqalpog‘istonda biznes uchun birorta hududda yo‘q 50 dan ortiq imtiyozlar paketi qilib berilgan. Ikkinchisi – Qoraqalpog‘istonda yer ajratishning sodda tizimi joriy etilgan. Uchinchisi – katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hududimiz, bu – Qoraqalpog‘iston”,
– dedi Prezident.
Davlat rahbari qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarni kelgan mehmonlarga bu yerdagi sharoitlarni ko‘rsatish, loyiha qilish bo‘yicha birgalikda takliflar ishlab chiqishga chaqirdi va barchasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Ochiq muloqot yakuni bilan “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi qabul qilinishi belgilandi. So‘ng davlat rahbari tadbirkorlarning amaliy taklif va tashabbuslarini tinglab, ular bilan fikr almashdi.
Prezident so‘zga chiqqan tadbirkor va ishbilarmonlarga bildirgan fikrlari, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratib, odamlarni daromadli qilishga, kambag‘allikni qisqartirishga qattiq bel bog‘lashga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
“Sizlar tinch, erkin va farovon hayotimiz garovisizlar, desak, o‘ylaymanki, mubolag‘a bo‘lmaydi. “Tadbirkor – elga madadkor” degan naqlda chuqur ma’no bor. Lekin, shunday katta mas’uliyatni zimmasiga olgan tadbirkorni o‘ziga kim madadkor? Agar qaysi hokim o‘z hududining gullab-yashnab, taraqqiy topishini istasa, avvalo, tadbirkor va yana bir bor tadbirkorga chinakam madadkor bo‘lishi kerak. Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar, hech narsadan cho‘chimang. Biling, ortingizda Prezident turibdi!”, – dedi davlat rahbari muloqot yakunida.
Ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha qonun loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi. Hukumatga muhokama qilingan masalalar yechimiga qaratilgan barcha hujjatlarni o‘z vaqtida va sifatli kiritish topshirildi.
Sharhlar