Prezident raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilinmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq tajribali tadbirkorlar ham ishtirok etmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati yozmoqda.
Davlatimiz rahbari yaratilgan imkoniyatlar hisobiga so‘nggi yetti yilda sohaga 1 milliard dollar investitsiya kiritilganini ta’kidladi. Natijada 762 ta yangi korxona ishga tushgan, 45 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobar o‘sdi, yillik daromadi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar 6 tadan 25 taga ko‘paydi. Tarmoqdagi korxonalar hisobidan budjetga tushum 8 barobar oshdi.
Mahsulotlarimiz eksport bo‘layotgan davlatlar so‘nggi uch yilda 2 karra oshib, 62 taga yetdi.
Prezidentimiz elektrotexnika eksporti 1 milliard dollarga yetgani, to‘qimachilikdan keyingi ikkinchi mahalliy sanoat tarmog‘iga aylanganini ta’kidladi.
Lekin, shu bilan birga smart karta, generator, telekommunikatsiya vositasi, ofis texnikasi kabi yana bir qator elektrotexnika mahsulotlarini o‘zimizda chiqarish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mintaqamizdagi 5 milliard dollarlik bozor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.
Prezident hamma davlatlar ichki bozorining himoyasiga qattiq kirishgan sharoitda yagona yo‘limiz – sifatni ta’minlash va tannarxni tushirish orqali mahsulotimiz raqobatdoshligini oshirish ekanini ta’kidladi.
Bunga tarmoqdagi qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish orqali erishish mumkin.
Sharhlar