Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tayinlandi

Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

Kun tartibidagi asosiy masalalarga o‘tishdan oldin davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish masalalariga to‘xtaldi.

Prezident kuni kecha imzolagan 2 ta muhim hujjatga muvofiq, shu yilning o‘zida 500 ming, kelgusi yilda yana 1 million odamni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi boshlanmoqda.

Bu dasturni amalga oshirish uchun Bandlik vazirligi faoliyatida keskin o‘zgarish qilib, yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlangani ma’lum qilindi.

Bu vazirlik faoliyati ham mutlaqo boshqacha bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi. Mahallabay agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari hamda hokim yordamchilari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.