Prezident raisligidagi yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosarlari ishdan olindi

Foto: prezident.uz

Toshkent viloyatida qishloq yerlari Andijondan 1,5 karra ko‘p. Lekin, yetishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil. Viloyatda 1 gektardan o‘rtacha daromad Andijondan 2 karra, Namangan va Farg‘onadan 1,5 baravar, Buxorodan 1,3 baravarga kam.

So‘nggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yo‘g‘i 72 million dollarlik meva-sabzavot eksport bo‘ldi. Bu – o‘tgan yilgidan kam.

Viloyatdagi samarasiz 2 ming 200 gektar bog‘ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yo‘qotilayapti.

Suv tejovchi texnologiya bo‘yicha Toshkent viloyati eng oxirgi o‘rinlarda.

Bu borada viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari B.Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilishda viloyatda kambag‘allikni qisqartirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Prezident viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha hisob-kitoblarni ma’qullamadi.

“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambag‘al oila qolishini o‘zi uyat”, – dedi davlatimiz rahbari.

Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholi ishli qilish bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinlarda turibdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga to‘g‘ri keladi. Yoki, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.

Viloyatdagi 12 ming vakant o‘rinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, ko‘cha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish o‘rniga, ularga har yili 4 milliard so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lanmoqda.

Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov lavozimidan ozod etildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.