Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalar qurilishini boshlab berdi
Davlat rahbarining hududlarga tashrifi chog‘ida Farg‘ona viloyatida yangi korxonalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o’tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida so‘nggi besh yilda Farg‘onada sanoat hajmi 1,3 barobarga ko‘payganini qayd etdi. Eksport hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 722 million dollarni tashkil etgan.
Investitsiyalar miqdori ham yil sayin o‘sib bormoqda. 2018-yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 90 million dollar sarmoya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 milliard 300 million dollar bo‘lgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 470 taga yetgan.
Viloyatda 6 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 110 ta va yana 1,1 milliard dollarlik 22 ta mahalliy loyiha bo‘yicha ishlar jadal ketmoqda. Ularda 20 mingdan ortiq ish o‘rni bo‘ladi.
“Ilgari viloyatda 6 ta loyiha qilish amri mahol edi. Bugun 6 milliard dollarlik loyihalar haqida gapirayapmiz. Nima uchun? O‘sdik, rivojlandik, investorlarni ishontirdik, sharoit yaratdik. Bunday ishlarni yana davom ettiramiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Safar davomida, mamlakatda 56 megavatt quvvatli 200 ta kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati aniqlandi. Bu borada alohida dastur qabul qilindi. Uning doirasida Farg‘ona tumanining cheka hududlarida 2 ta kichik GES barpo etildi. Birinchisi, Shohimardon qishlog‘ida qurilgan 2,2 megavattli, ikkinchisi, Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalardir. Ular yaqin mahallalardagi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, bitgan korxonalar faoliyatini va yangi loyihalar qurilishini boshlab berdi.
Sharhlar