Prezident Shavkat Mirziyoyev va XXR raisi Si Szinpinning Ostonada uchrashdilar

Фото: president.uz

Ostona shahriga amaliy tashrif doirasida 3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy Raisiga O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Yetakchilar keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida ulkan yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Hukumatlar, parlamentlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi.

Yil yakuniga qadar Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining ikkinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. Yaqin kunlarda Xitoy parlamentining yuqori darajadagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

Xitoyning yetakchi moliyaviy tuzilmalari bilan hamkorlik kengaymoqda. Xususan, “Ipak yo‘li” jamg‘armasi bilan investitsiya platformasi yaratildi, Xitoy Eksimbanki ko‘magida poytaxtimizda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlanmoqda. Ushbu bankning Toshkent shahrida hududiy filiali ochilishi kutilmoqda.

Prezident XXR Raisini kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidladi. Bu muhim yo‘nalishda tajriba almashish bo‘yicha uzoq muddatli dastur qabul qilish taklifi bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlik davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari XXR yetakchisiga SHHTga raislik davrida katta muvaffaqiyatlar tiladi va muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Uchrashuv har doimgidek o‘zaro ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.