Prezident “SHHT plyus” formatida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Ostona shahrida “SHHT plyus” formatining “Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash – barqaror tinchlik va taraqqiyot sari intilish” mavzusidagi uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda SHHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlaridan tashqari kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida keng tarkibdagi “SHHT plyus” yig‘ilishi ayni vaqtida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
“Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda”, – dedi Prezident.
Bugungi global jarayonlarga baho berar ekan, davlat rahbari siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelayotganini qayd etdi.
“Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to‘sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda”, – dedi Prezident.
Ta’kidlanganidek, “ushbu muammolarni hal qilishning yagona yo‘li – umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishdir”.
O‘zbekiston rahbari SHHT har doim xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayanadigan ko‘p tomonlamalik asosidagi adolatli dunyo tartiboti tarafdori bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Sharhlar