20-avgustga qadar 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘alari” yetkaziladi
Yangi oʻquv yilida 719 ming 366 nafar maktab yoshidagi bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Xalq ta’limi Info” xabar bermoqda.
Maʼlum boʻlishicha, “Taʼminot va logistika xizmati” korxonasi tomonidan 1-sinfga qabul qilingan oʻquvchilar uchun beriladigan 12 nomdagi oʻquv qurollaridan iborat “Prezident sovgʻasi” 10-avgustga qadar hududlarga, 20-avgustga qadar esa qabul qilingan oʻquvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga toʻliq yetkaziladi.
Ushbu 12 nomdagi oʻquv qurollari — portfel, daftar, rasm daftari, akvarel boʻyoqlari, rangli qogʻoz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim, oʻchirgʻich toʻplamidan iborat.
Xabarga koʻra, har bir 1-sinfga qabul qilingan oʻquvchi elektron tizimga (adm.maktab.uz) kiritib borilmoqda. Bundan maqsad bolalarni oʻz vaqtida va toʻliq “Prezident sovgʻasi” bilan taʼminlashdir.
Sharhlar