Prezident turli sohalar vakillariga faxriy unvon, orden va medallar topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.

30-avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev barchani avvalo Mustaqillik bayrami bilan, yig‘ilganlarni davlatimizning yuksak mukofotlari bilan tabrikladi. Mamlakatimizda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida yurakdan so‘zladi.

“Biz nima uchun mehnat qilayapmiz? Xalqimiz tinch va farovon yashashi uchun, farzandlarimizning baxtu kamoli uchun. Inson qadri degan harakatni boshlaganmiz. Bu harakatni, katta-katta maqsadlarimizni joylarda kim amalga oshiradi? Sizlarga o‘xshagan fidoyi, vatanparvar, kuchli insonlar! Sizlar – qahramonsizlar, yoshlarimizga namunasizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman va xalqimiz nomidan rahmat aytaman”, – dedi Prezident.

Bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Shaharu qishloqlar qiyofasi, barcha soha va tarmoqlar tubdan o‘zgarmoqda. Iqtisodiyot, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Bularning natijasini odamlar o‘z hayotida ko‘rmoqda.

Mamlakatimiz katta taraqqiyot yo‘liga chiqib olganini dunyo ham e’tirof etayapti. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir nechta rezolyutsiyalari qabul qilindi. Yirik siyosiy va iqtisodiy forumlarda ilgari surilgan ko‘plab tashabbuslar xalqaro jamoatchilik tomonidan katta e’tibor bilan qabul qilindi va qo‘llab-quvvatlandi.

Uzoq va yaqin davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, turizm va investitsiya, madaniy-gumanitar sohalarda foydali bitimlar imzolandi. Yurtimizda xalqaro darajadagi nufuzli anjumanlar bo‘lib o‘tdi. San’at va madaniyat festivallari, Olimpiya o‘yinlaridagi tarixiy g‘alaba ham ulkan e’tiroflarga sazavor bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, bunyodkor xalq, bag‘rikeng millat sifatida jahon maydoniga chiqdik.

Davlatimiz rahbari bularning barchasi xalqimizning yutug‘i ekanini ta’kidladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.