Prezident Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi

Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi.

Uzunligi 11 kilometr, eni 86 metr bo‘lgan bu ko‘cha so‘nggi yillarda eng katta yo‘llardan biriga aylandi. Shaharning kengayishi va Toshkent viloyatining turizm salohiyatidan kelib chiqilsa, uning kelajagi ham istiqbolli.

Shu bois, davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-iyundagi qaroriga asosan, Yangi O‘zbekiston ko‘chasida ishbilarmonlik markazi qurilishi va yo‘li bo‘yi infratuzilmasi rivojlantirilishi belgilangan edi. Unga muvofiq, direksiya tuzilib, me’moriy konsepsiya ishlab chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, ko‘chaning ikki tomonida milliy ruhga uyg‘un zamonaviy turar joylar, mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari quriladi. Sayilgoh va ko‘ngilochar maskanlar, piyoda va velosiped yo‘lakchalari tashkil etiladi.

Ma’lumki, bu yerda “Toshkent-Sharqiy” aeroporti va Olimpiya shaharchasi ham qurilmoqda. Prezidentimiz ushbu inshootlar atrofini hamda ularga olib boruvchi yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.

Bu galgi tashrif chog‘ida shu boradagi landshaft dizayni takliflari ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston ko‘chasining ikki tarafi yanada obod qilinadi. Chinor, eman, lola daraxti, katalpa, pisardiya, kiparis, hind nastarini, lavanda, Suriya atirguli kabi daraxt va butalar dekorativ shaklda ekiladi. Aeroport oldida ikkita favvora barpo etiladi. Umuman, bu hudud Toshkentning “yashil belbog‘i”ning bir qismi bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari landshaft kompozitsiyasi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi. Bu yerda ekologiya, sifat va madaniyat uyg‘unlashishi kerakligini ta’kidladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.