Prezident yoshlarni sportga keng jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi

Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni yoshlarni sportga keng jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Jamoaviy sport turlari boʻyicha “Mahalla ligasi” va “Maktab ligasi” musobaqalarini yoʻlga qoʻyish taklif etilmoqda. Davlat OTMlarida sport klublari tashkil qilish, ular oʻrtasida “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Rektor kubogi” kabi musobaqalar oʻtkazib borish koʻzda tutilmoqda.

Mahalliy hokimliklar huzurida hududiy sport klublari tuziladi. “ERP Sport” elektron tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va seleksiya qilish joriy etiladi.

Taklifga koʻra, haftaning har payshanba kuni “jismoniy tarbiya va sport kuni” sifatida belgilanadi. Jalb qilingan yoshlar soni hamda erishilgan natijalarga qarab, sport maktablari xodimlariga ustama beriladi.

Tizim maktablarida ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimini joriy etilib, ularga beshtagacha mahalla va taʼlim muassasalari biriktiriladi. Mahallalarda toʻgaraklar tashkil etgan trenerlar qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.