Prezident o‘yinlarda erishilgan rekord natijalarga urg‘u berdi
Prezident o‘yinlarda erishilgan rekord natijalarga urg‘u berdi.
Afsonaviy sportchimiz Husniddin Norbekov mamlakatimiz tarixida birinchi marta uch karra Paralimpiya chempioni bo‘lgani, shu bilan birga yangi rekord o‘rnatgani alohida ta’kidlandi.
Pahlavon o‘g‘lonlarimiz Bobirjon Omonov va Sherzod Namozov yadro uloqtirish va dzyudo bo‘yicha ikkinchi bor oltin medallarni qo‘lga kiritdilar. Bobirjon esa paralimpiya rekordini ham yangiladi.
“Ayni vaqtda yuksak matonatli qizlarimiz ham O‘zbekiston g‘alabasiga munosib hissa qo‘shganlari to‘g‘risida har qancha g‘urur va iftixor bilan gapirsak arziydi, albatta. Jamoamiz qo‘lga kiritgan medallarning 11 tasi aynan qizlarimiz hisobiga yozilgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi”, – dedi davlat rahbari.
Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash, Nurxon Qurbonova esa nayza uloqtirish bo‘yicha Paralimpiya chempionlari bo‘lgani qatorida jahon miqyosidagi rekordlarni ham yangilaganiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.
15 yashar Shahinaxon Yigitaliyeva kumush medalni qo‘lga kiritib, Paralimpiya o‘yinlaridagi eng yosh sovrindor sifatida tarixga kirgani ham alohida ta’kidlandi.
Mohir sportchimiz Tolibboy Yo‘ldoshev ham biryo‘la ikkita marrani zabt etgani, ikki karra paralimpiya chempioni Yorqinbek Odilov nayza uloqtirish bo‘yicha Osiyo rekordini yangilagani qayd etildi.
Prezident Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev, Elbek Sultonov, Asadbek Toshtemirov, Sherzod Namozov kabi o‘g‘lonlarimizni ham oltin medallar bilan yana bir bor chin yurakdan qutladi.
Po‘lat irodali qizimiz Ro‘za Qo‘ziyeva pauerlifting bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritgani, aslida bu oltinga teng g‘alaba ekanini butun dunyo tan olgani ta’kidlandi.
Taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz birinchi marta Paralimpiya o‘yinlarida 3 ta medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.
Yengil atletika bo‘yicha vakillarimiz esa birinchi marta 8 ta oltin medalni, ya’ni eng yuqori sovrinlarning 80 foizini egallaganlari alohida diqqatga sazovordir.
“Bir so‘z bilan aytganda, sizlar O‘zbekiston Paralimpiya harakatining oltin avlodi sifatida maydonga chiqib, mamlakatimizga mislsiz ulkan yutuqlar olib keldingiz. Mana, biz maqsad sari chin dildan intilsak, qanday buyuk marralarni egallashga qodirmiz! Mana, biz birlashib, hamjihat bo‘lib harakat qilsak, qanday buyuk xalq, qanday buyuk Vatanmiz!”, – dedi Prezident.
Sharhlar