Prezidentlar Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o’tkazdilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Ko‘ksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdilar.
O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.
“Bugun biz Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolaymiz. Bir necha yil davomida biz birgalikda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldik”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, ko‘p qirrali hamkorlikni ilgari surish va uni aniq mazmun bilan boyitishning samarali mexanizmiga aylanishi lozim bo‘lgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotgani ta’kidladi. Parlamentlar, hukumatlar, tarmoq idoralari va hududlar o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, forum va ko‘rgazmalar, ko‘plab madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda.
Tashrif doirasida Prezidentlarning ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi va yangi kooperatsiya loyihalariga start beriladi.
Sharhlar