Prezidentlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʼtkazdilar

Фото: Президент Матбуот хизмати

Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Moʼgʼuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʼtkazdilar.

Tadbirda Moʼgʼulistonning MCS Investment, Mongol Basalt, Tavan Bogd Group, Asia Pharma, Khanbogd Cashmere, Erdenezoo Trans, ICT Group, ORDGEO, LBH Technology, NCD Group, Mega Wood, Modern Nomads kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʼzbekiston tomonidan Basalt Uzbekistan, BMB Holding, New Way Industries, Panaev Farms, Ezel Central Asia, Azia Metall Prof, “Jizzax Jun”, Procab va boshqa xususiy kompaniyalar qatnashdi.

Ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bunday formatdagi uchrashuv Moʼgʼuliston bilan ilk bor oʼtkazildi.

Oʼzbekiston Prezidenti moʼgʼulistonlik yetakchi ishbilarmonlarni va ularning oʼzbekistonlik sheriklarini samimiy qutlar ekan, Moʼgʼuliston Prezidentining Oʼzbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixida muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor alohida taʼkidladi.

“Bu sizning Oʼzbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʼlga qoʼyish va mustahkamlashga qaratilgan qatʼiy intilishingizni va alohida eʼtiboringizni yana bir bor tasdiqlaydi”, – dedi davlat rahbari.

Boʼlib oʼtgan mazmunli va konstruktiv muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning barcha jihatlari atroflicha koʼrib chiqilgani, mavjud zaxiralar tahlil qilingani va yangi oʼsish nuqtalari aniqlangani qayd etildi.

“Biz mavjud salohiyat va imkoniyatlardan deyarli foydalanmayotganimizni taʼkidladik. Shu munosabat bilan yaqin yillarda oʼzaro savdoni, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali karrasiga oshirish vazifasini qoʼydik”, – dedi Oʼzbekiston Prezidenti.

Bular – Moʼgʼulistonga oziq-ovqat, oʼgʼitlar, dori-darmonlar, maishiy texnika, plastmassa va rezina, qurilish materiallari, tayyor toʼqimachilik va poyabzal mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, yurtimizga goʼsht va goʼsht mahsulotlari, teri, jun va boshqa tayyor mahsulotlarni import qilish.

Tez fursatda Moʼgʼuliston va Oʼzbekistonda savdo uylarini ochish va ikki mamlakat poytaxtlarida sanoat koʼrgazmalarini oʼtkazish rejalashtirilgan.

Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim va bozorlarga kirishni yengillashtirish boʼyicha takliflarni tayyorlash boʼyicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbari moʼgʼul kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini samarali toʼldirishga qodir sohalarida oʼrta muddatli kooperatsiya dasturini qabul qilish boʼyicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Bu, birinchi navbatda, geologik qidiruv, boy xomashyo resurslarini oʼzlashtirish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik oʼrnatishni oʼz ichiga oladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.