Prezidentlar OAV vakillari bilan uchrashuv o’tkazdilar
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev o‘tkazilgan muzokaralar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda tarixiy voqea bo‘lganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi.
O‘zbekiston qardosh Ozarbayjonning ulkan yutuqlaridan xursand.
Davlat rahbari qardosh mamlakatda iqtisodiyot, sanoat jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi yaxshilanayotganini ta’kidladi. Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy ozarbayjon yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.
Ijtimoiy infratuzilma va ishlab chiqarish obyektlari faol qurilayotgan Qorabog‘ qayta tiklanayotganiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Ozarbayjonni bu olijanob ishda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
“Ozarbayjon bizning muhim strategik hamkorimiz va ittifoqchimizdir. Bizni mushtarak tarixiy ildizlarimiz va ko‘p asrlik do‘stligimiz, yagona din, o‘xshash madaniyat va an’analar bog‘lab turadi. Bularning barchasi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda”, – dedi O‘zbekiston rahbari.
Muzokaralar chog‘ida Prezidentlar ko‘p qirrali munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini, jumladan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va madaniyat sohalarini muhokama qildilar.
Barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan kelgusi yilni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya yili deb e’lon qilish hamda 20 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha dastur qabul qilishga ahdlashildi.
Transport bog‘liqligini, shu jumladan Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar “yashil” energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida bu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi, shuningdek, Qo‘qon shahrida navbatdagi hududlar forumi o‘tkaziladi.
Davlat rahbarlari madaniyat, yoshlar va axborot siyosati, ilm-fan, ta’lim va sport sohalarida muloqot va almashinuvlarni kengaytirishga kelishib oldilar.
Estrada san’atining afsonaviy yulduzlari Farruh Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘lining yuksak xizmatlari e’tirofi sifatida Prezidentlar ularga ikki mamlakatning “xalq artisti” faxriy unvonlarini berishga qaror qildilar.
Yakunda davlat rahbari ozarbayjonlik hamkasbiga taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Samarali muzokaralar natijalari O‘zbekiston-Ozarbayjon aloqalarini yanada rivojlantirishga kuchli turtki berishiga hamda qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Sharhlar