Prezidentlar OAV vakillari uchun bayonot berdilar

Фото: president.uz

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan bugungi muzokaralar yakunlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qildilar, Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning savdo-iqtisodiy sohadagi aniq rejalarini tingladilar.

Davlat rahbari O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining yangi keng qamrovli iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.

Shu maqsadda bugun o‘zaro savdo hajmini oshirish dasturi qabul qilindi. Bundan tashqari, mamlakatlar poytaxtlarida savdo uylari tashkil etiladi, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun uzoq muddatli eksport-import shartnomalari portfeli tayyorlanadi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash va sertifikatlarni tan olish vositalari joriy etiladi, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlari uchun “yashil yo‘lak” ishga tushiriladi.

Yetakchilar sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiradigan tarmoqlarida yangi o‘sish nuqtalarini yaratish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Bular energetika, avtomobilsozlik, transport va logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlardagi loyihalardir.

Bugun Farg‘ona va Namangan viloyatlarida quyosh stansiyalarini qurish, Chuy viloyatida avtomobillar, Qora-Baltada to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha muhim loyihalarga start berildi.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining ustav kapitalini 200 million dollarga yetkazishga qaror qilindi.

Tomonlar mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

““Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish strategik loyihasi bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani tarixiy voqea bo‘ldi”, – dedi Prezident.

Transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi yangi loyihalarni o‘rganish uchun ekspertlar guruhini tashkil etishga kelishib olindi.

Madaniyat, yoshlar, ta’lim, fan va sport sohalarida faol muloqot va almashinuvlar davom ettiriladi.

Davlat rahbari sayyohlik almashinuvini rivojlantirish imkoniyatlarini alohida qayd etdi. Ayni paytda Toshkentdan Bishkek va Tomchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

Samarali muzokaralar yakunida o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlarida salmoqli bitimlar to‘plami qabul qilindi.

Davlat yetakchisi so‘zining yakunida muzokaralar natijalaridan mamnunligini izhor etdi hamda Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi samaralari hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.