Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anlar tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar

Фото: president.uz

Anqara shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Qurbon hayiti bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Hozirgi ikki tomonlama hamkorlik yuksak sur’atda davom etayotgani, barcha darajalardagi aloqalar va almashinuvlar shiddati mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar ko‘rsatkichlari ortib bormoqda, qo‘shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ko‘paymoqda. O‘zaro madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, uning natijasida sanoat, “yashil” energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida yangi loyihalarning katta portfeli shakllantirildi.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish, jumladan, Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulot turlarini kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Istanbul shahrida O‘zbekistonning savdo vakolatxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlari raisligidagi O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Uning birinchi yig‘ilishi bugun bo‘lib o‘tadi.

Qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va raqamlashtirish sohalarida o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Xavfsizlik va mudofaa, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va sport sohalarida hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki davlat fuqarolarining bordi-keldisi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalarini, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini ham ko‘rib chiqdilar.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.