O‘zbekistonda prokurorlarga yangi vakolatlar berilishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatini ta’minlash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, atrof-muhitni muhofaza etish haqidagi qonunchilik buzilishi, davlat budjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash hamda bojxona to‘lovlarini undirishga oid ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha prokuror sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor etilmagan bo‘lsa, prokuror ushbu ishlarni suddan talab qilib olib o‘rganishi hamda ular bo‘yicha protest keltirishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirishga, sudlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini to‘laqonli himoya qilishga hamda qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Sharhlar