Toshkent—Samarqand va Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘llarini qurish qachon boshlanishi ma’lum bo‘ldi

Foto: yuz.uz

“O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-308-son 30.08.2024-y.) qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali. Unda Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon zamonaviy pullik magistral avtomobil yo‘llarini qurish muddatlari belgilandi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2024–2026-yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar;
  • 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi.

Bunda quyidagilar inobatga olinadi:

— yirik shaharlar o‘rtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 km zamonaviy pullik magistral avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan Toshkent–Samarqand yo‘lini qurish ishlarini 2024-yilda hamda Toshkent–Andijon yo‘lini 2026-yilda boshlash;

— yillik energiya yo‘qotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yil 1-iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash;

— yiliga qo‘shimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028-yilga qadar barcha ma’nan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish;

— toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirishni nazarda tutgan holda 2028-yil yakuniga qadar har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish;

— 400 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imiga ega zamonaviy ta’lim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sig‘imiga ega maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida 2026-yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish;

— ilg‘or texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berish.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.