Qamoqxonalardagi sutkalik uchrashuvlar uchun tariflarni oshirish rejalashtirilyapti
IIVning jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ular uchun ajratilgan uzoq muddatli uchrashuvxonalarni zamon talabiga asosan jihozlash hamda byudjet sarf-harajatlarini qisqartirish maqsadida tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqildi.
Qayd etilishicha, 2023-yil davomida jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolar tomonidan uzoq muddatli uchrashuv xonalarining foydalanilganidan kelib tushgan mablag‘larning umumiy qiymati 2,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Biroq, uzoq muddatli uchrashuv xonalarini yaroqli holda saqlab turish (muntazam ravishda joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish) hamda zarur bo‘lgan buyum va vositalar (o‘rin-ko‘rpa, sovun, sochiq, oshxona anjomlari va boshqalar) bilan ta’minlash maqsadida, o‘tgan 2023-yilda 7,6 mlrd so‘m mablag‘ sarf etilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, byudjet mablag‘larini iqtisod qilish hamda yuklamani kamaytirish maqsadida, koloniya uchrashuv xonalarning sutkalik tariflarini quyidagi tartibda:
– 2 kishilik xona uchun sutkalik to‘lov – O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 25 foiz (amalda 5 foiz)gacha (85 ming so‘m);
– 3 kishilik xona uchun sutkalik to‘lov – O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 30 foiz (amalda 10 foiz)gacha (102 ming so‘m);
– 4 kishilik xona uchun sutkalik to‘lov – O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 35 foiz (amalda 15 foiz)gacha (119 ming so‘m) belgilash rejalashtirilmoqda.
Hujjat loyihasi matnida aytilishicha, uzoq muddatli uchrashuv xonalaridan tarif asosida undiriladigan to‘lovlar yiliga 8 mlrd so‘mgacha oshib, byudjet mablag‘larini iqtisod qilish hamda mahkumlarni saqlash xarajatlarini qisqartirishga yo‘naltiriladi.
Sharhlar