Rossiyada qarovsiz qolgan 14 nafar o‘zbekistonlik bola vataniga qaytarildi
1-sentabr kuni xorijda ota-ona qaramog‘isiz qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan 14 nafar o‘zbekistonlik bolalar vataniga qaytarib olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.
Mazkur guruhdagi bolalar Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridan Ichki ishlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ul xodimlarining xizmat safarlari doirasida Rossiya Federatsiyasidan Toshkentga olib kelindi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va mas’ul tashkilotlar hamkorligida yurtimizga qaytarib olib kelingan bolalar ota-onasi va o‘z yaqinlarining qaramog‘iga qaytariladi. Ularga o‘zlarining yashash manziliga yaqin “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bir qator ijtimoiy xizmatlar, jumladan, bolalarning o‘zlari va ularning oila a’zolariga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatib borish belgilangan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari hamrohligida xorijiy mamlakatlarda ota-ona qaramog‘isiz qolgan va yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilgan voyaga yetmagan bolalar olib kelinguniga qadar ularni oilalariga qaytarish va jamiyatga ijtimoiylashuvini tashkil etish bo‘yicha zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Sharhlar