Qarshi va Nukusda quyosh paneli ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi

Фото: дарё

Mamlakat iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan o‘tgan birinchi yarim yillikda 12 trln so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 116 foiz o‘sish ko‘rsatkichlariga erishildi, deb xabar berdi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari.

Investitsiya dasturi doirasida 131,1 mln dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, shundan 116,5 mln dollar mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, hududiy dasturlar doirasida 17 ta loyiha ishga tushirilib, 1,4 trln so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan.

Eksport hajmi 560,3 mln dollarni tashkil etib, 200 turga yaqin mahsulotlar dunyoning 72 mamlakatiga eksport qilingan. O‘sish sur’ati 118,8 foizni tashkil etgan.

Ushbu davrda AQSH, Kanada, Hindiston, Liviya, Kipr, Qatar, Isroil kabi bozorlarga ilk bor mahsulotlar yetkazib berilgan.

Bundan tashqari, elektrotexnika sanoati tarixida birinchi marotaba Kanada va Amerika Qo‘shma Shtatlariga eksport amalga oshirilgan. Italiya va Hindiston davlatlariga kabel-sim va mis quvurlari eksporti yo‘lga qo‘yilgan.

GSP+ imtiyozlaridan foydalangan holda milliy elektrotexnika mahsulotlari Yevropaning 6 mamlakatiga kirib borgan.

Uyushmaga a’zo korxonalar tomonidan budjetga to‘lovlar miqdori 415 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, yil yakunigacha hududlarda jami qiymati 485 mln dollarlik 85 ta yangi loyiha ishga tushirilib, buning natijasida 4395 ta yangi ish joylari tashkil etiladi.

2024 yilda ham ishlab chiqarish salohiyatini 20 foizga oshirib, eksport hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bundan tashqari, mis xomashyosini qayta ishlash 140 ming tonnaga yetkaziladi. Ohangaron tumanidagi “Mis klasteri”da 5 loyiha, Buxoro viloyatida ham maishiy texnikalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnopark o‘z faoliyatini boshlaydi.

2024 yil yakuni bilan Qarshi shahrida 300 Megavattli, Nukus shahrida 200 Megavattli quyosh paneli ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.