Qashqadaryoda ishlab chiqarish sexi 1 mlrd so‘mlik gazdan noqoqnuniy foydalangan
Qarshi shahrida yashirincha tarmoqqa ulangan ishlab chiqarish sexi 1 mlrd so‘mlikdan ziyod tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deb yozmoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
““O‘zenergoinspeksiya” Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Qarshi shahrida fuqaro M.F. fermer xo‘jaligiga qarashli binoda faoliyat yuritayotgan omixta yem ishlab chiqarish sexi hujjatlarsiz, to‘gridan-to‘g‘ri gaz tarmog‘iga ulanib, undan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.
Ushbu qoidabuzarlik holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga 1 mlrd 65 mln so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Vazirlik iste’molchilardan “energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishni” so‘rab, “elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoʻli bilan talon-toroj qilish holatlari uchun qonunchilikda belgilangan qatʼiy choralar koʻrilishi”dan ogohlantirmoqda.
Sharhlar