Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisiga nisbatan qidiruv e’lon qilindi

Foto: platina.uz

Bosh prokuratura tomonidan prokuratura organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimni nopok xodimlardan tozalash borasida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Bunda eng avvalo, xodimlar o‘rtasida nojo‘ya va nomunosib xatti-harakatlarning oldini olish, shu bilan birga korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan xodimlarni aniqlash hamda ularga nisbatan qa’tiy choralar ko‘rishga e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda fuqaro I.X.ning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Muallif arizasida Toshkent shahar Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi Sh.Sh. tomonidan “B.H.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilish uchun pul mablag‘lari talab qilganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu ariza asosida joriy yilning 7 oktabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Sh.Sh. ariza muallifidan kelishilgan 40 ming AQSh dollarini olib, jinoiy ta’qibdan qutulish maqsadida noma’lum tomonga yashiringan (40 ming AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib  olingan).

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Sh.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayblanuvchiga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.

Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.