Qirg‘iziston bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
19-iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov qirg‘iz delegatsiyasi tarkibida mamlakatga kelgan ushbu mamlakatning Sog‘liqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Qirg‘izistonni umumiy tarix, o‘xshash madaniyat va qadriyatlar, mushtarak til kabi jihatlar bog‘lab tug‘radi. Ko‘p asrlik birodarlik rishtalari azaldan samimiylik va chuqur hurmatga asoslangan.
So‘nggi yillarda davlatlar yetakchilarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib bormoqda.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda sheriklik aloqalarini sog‘liqni saqlash sohasida ham kengaytirish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Xususan, bugungi kunda Qirg‘izistonda O‘zbekistonda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash sohasi butunlay transformatsiya qilinmoqda. Chunonchi, mamlakatda boshqaruv tizimini takomillashtirish, tez tibbiy yordam xizmatini isloh qilish, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni xalqqa yaqinlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. Yaqinda qirg‘izistonlik shifokorlar tomonidan ilk bor jigar ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilgani buning tasdig‘idir.
Qardosh davlat delegatsiyasi vakillari transplantologiya, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, tibbiy ta’lim kabi qator yo‘nalishlarda aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
A.Xudayarov o‘zaro bilim va tajriba almashinuvi ikki mamlakat uchun faqat foyda keltirishini ta’kidlab, qirg‘izistonlik hamkasbiga milliy tibbiyotni isloh qilishda barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Sharhlar