Qirg‘iziston bilan chegaradan ID-karta orqali o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Chegaradan ID-karta orqali o‘tish bo‘yicha Qirg‘iziston bilan kelishuvga erishilgani Farg‘ona uchun imkoniyatlar eshigini ochgani ta’kidlandi.
Qariyb 20 yil yopiq bo‘lgan Shohimardon va Yordon anklav qishloqlariga o‘tgan yili 400 mingga yaqin turist bordi.
Lekin, “Vodil” va “Oq-qiya” chegara o‘tkazish punktlari xalqaro maqomga ega emasligi bois xorijiy turistlar Shohimardon va Yordonga O‘sh orqali aylanib kelishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu masala hal bo‘lsa, tadbirkorlar ushbu 2 ta qishloqqa 100 million dollar investitsiya kiritishga tayyor.
Bu borada qo‘shni mamlakat bilan tegishli muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Mutasaddilarga Shohimardon va Yordon qishloqlari, Vodil shaharchasining master rejasini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, viloyatda madaniy tadbirlarni ko‘paytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Madaniyat vazirligiga Farg‘ona filarmoniyasida Simfonik orkestr va Milliy cholg‘u ansamblini tashkil qilish topshirildi.
Ushbu orkestr va ansambl sayyohlar eng ko‘p keladigan Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari, Rishton, Quva va Farg‘ona tumanlarida haftalik konsertlar o‘tkazadi.
Shuningdek, Farg‘ona shahrida yangi tashkil bo‘layotgan “Eko shahar”da musiqa maktabini tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritishga ko‘rsatma berildi.
Umuman, bugun Farg‘ona uchun yaratilayotgan sharoitlar kamida 10 milliard dollarlik investitsiyaga zamin bo‘layotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Quva tumani, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Quva aholisi 280 mingga yaqinlashdi. Tumanda tadbirkorlar juda ko‘p, imkoniyat ham, sharoit ham yetarli. Tuman hokimligi to‘g‘ri yondashuv qilsa, investitsiya, ishlab chiqarish, ish o‘rni va eksportni karrasiga oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Quvada meva-sabzavotni qayta ishlash quvvati 10 foiz. Mustaqillik mahallasidagi 100 dan ziyod xonadon yaqin joydan 15 gektar yer ajratilsa, meva ulgurji bozorini tashkil qilishga tayyor.
Rossiyalik investorlar ham 5 gektarda 20 million dollarlik 100 ming tonna mevani qayta ishlaydigan agrologistika markazini qurish, saudiyalik hamkor isitish va sovutish tizimlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha taklif bildirgan.
Bu loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Sharhlar