Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi yanada takomillashtiriladi
03 December 2024
Foto: ochiq manba
Prezidentning 2024-yil 2-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ-413-son) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagi o‘zgarishlar amalga oshiriladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tuzilmasiga yangi lavozimlar kiritiladi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri hamda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritadi.
Tuman (Quvassoy shahar) hokimliklari tuzilmasiga ham yangi lavozimlar kiritiladi. Endilikda, hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — tuman (Quvassoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i bo‘ladi.
Mazkur chora-tadbirlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiya qilish, diversifikatsiya qilish va barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, xususiy investitsiya kapitali oqimini ko‘paytirish orqali sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsion jozibadorlikni oshirish mexanizmlari joriy etiladi.
If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.
Sharhlar