Qo‘qondagi “Tepaqo‘rg‘on” yodgorligini turistlar maskaniga aylantirish uchun 10 milliard so‘m ajratiladi
Qo‘qondagi “Tepaqo‘rg‘on” arxeologik yodgorligini turistlar uchun jozibador marshrutga aylantirishga 10 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Yangi o‘quv yilidan Qo‘qon universiteti turizm fakultetida Italiya, Fransiya va Shveysariya o‘quv dasturlari joriy qilinadi, xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.
Dushanbadan boshlab yangilangan Qo‘qon aeroportidan Toshkentga har kuni, Samarqand, Buxoro va voha shaharlariga esa har hafta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Marg‘ilonda ham aholi soni oshib, tadbirkorlik rivojlanib borayotgani uning infratuzilmasini kengaytirishni taqozo etmoqda.
So‘nggi besh yilda Marg‘ilonda 1 ming 164 ta xonadonli 33 ta uy qurildi, xolos. Hozirni o‘zida 5 mingta xonadonga talab mavjud.
Shu munosabat bilan shaharda 30 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi, savdo kompleksi va biznes markazi, 2 ta maktab, 6 ta bog‘cha va 2 ta klinika quriladi.
Bundan tashqari, 20 gektar hududga “Burxoniddin Marg‘iloniy bog‘i” ko‘chiriladi, yana 50 gektarda sanoat zonasi tashkil qilinadi.
Marg‘ilonga har yili 250 ming ichki va 75 ming xorijiy turistlar kelmoqda. Bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun mehmonxona va xizmat ko‘rsatish joylarini ko‘paytirish zarur.
Shu bois, Marg‘ilonda 5 ta mehmonxona, Shoirlar va san’atkorlar xiyoboni, Maqom teatri, 50 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi.
Shuningdek, Pichoqchi mahallasidan joy berilsa, mahalliy tadbirkorlar 240 o‘rinli zamonaviy 2 ta mehmonxona qurish va hududni turizm maskaniga aylantirish taklifini bergan.
Umuman, Marg‘ilon hokimligiga aytilgan imkoniyatlar hisobiga joriy yilda tumanga 300 million dollar investitsiya jalb etish va 50 ming yangi ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.
Sharhlar