“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi: O‘zbek tilini bilmaydiganlarga davlat xizmatlaridan foydalanishni taqiqlash kerak
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zbek tilida gaplasha olmaydigan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishni taqiqlashni taklif qildi.
Avvalroq Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin mamlakatga kelayotgan ishchilar rus tilini bilishi, mamlakat an’analari va madaniyatini hurmat qilishi kerakligini ta’kidlagan edi.
“So‘zsiz, Rossiyaga ishga borayotganlar rus tilini bilishlari shart, lekin bu O‘zbekistonda yashayotgan ruslar o‘zbek tilini bilishlari shart emas degani emas! — deya ta’kidladi u. — O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatli vatandoshlar o‘zbek tilini bilishlari shart”.
U qonunlarda bosqichma-bosqich bog‘cha va boshlang‘ich taʼlimda boshqa millatli vatandoshlarga o‘z ona tili va qadriyatlarini o‘rganishiga sharoit yaratish bilan bir qatorda, o‘zbek tili majburiy o‘rganadigan til sifatida belgilanishi kerakligini qayd etdi.
“O‘zbek tilini bilmaydigan inson nafaqat davlat xizmatida ishlashi, balki davlat xizmatlaridan foydalanishi ham mumkin bo‘lmay qolishiga erishishimiz kerak”, — dedi Alisher Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Anhor.uz”da “O’zbekistonda qaysi rus tilini taqiqlash kerak yoki janob Qudratxo‘ja: prezident Kennediga kim o‘q uzgan?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
Sharhlar