O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarni qonuniylashtirish mumkin bo‘ldi
Prezident tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar bermoqda.
Qonunga ko‘ra, fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:
— 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
— 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
— “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
— 2021-yil 8-iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
— bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
— kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
— davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
— hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.
Ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun ular quyidagi talablarga javob berishi lozim:
▫️er boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi;
▫️er uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
▫️er va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
▫️muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;
▫️bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa);
▫️har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).
Qonun 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.
Sharhlar