Qonunchilik palatasi eshakni “iste’mol qilinadigan hayvonlar” ro‘yxatiga kiritgani yo‘q, anglashilmovchilik tahririyat xatosi tufayli yuzaga kelgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Odiljon Tujiyev eshak iste’mol qilishga ruxsat etilgan hayvonlar ro‘yxatiga kiritilgan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, hisobga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga izoh berdi.
Qayd etib o‘tamiz, Qonunchilik palatasi matbuot xizmati hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining asosiy afzalliklaridan biri oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash ekanligini ta’kidlagan. Shu sababli go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya kabi iste’mol qilinadigan hayvonlar turlaridan yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish, shuningdek, epizootik farovonlikni ta’minlash maqsadida it va mushuklarni identifikatsiya qilishni o‘tkazish taklif etiladi.
Spiker o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan boqiladigan uy hayvonlari – qoramollar, qo‘y-echkilar, cho‘chqalar, otlar, eshaklar, tuyalarni aniqlashdan iborat.
Qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida deputatlar eshak, it va mushuklarni identifikatsiya qilishning asosli ekanligi yuzasidan e’tirozlarni bildirgan. Yig‘ilishda e’tirozlar loyiha birinchi o‘qishda qabul qilinib, ma’qullansa, qonun tashabbuskorlari tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida inobatga olinishi ta’kidlandi.
“Qonun loyihasida eshak go‘shtini oziq-ovqat uchun ishlatiladigan go‘shtga tasniflash ko‘zda tutilmagan. Umuman olganda, bu qonun “go‘sht iste’moli”ga taalluqli emas, balki hayvonlarni identifikatsiya qilish, hisobga olish va monitoringini tartibga soladi. Anglashilmovchilik press-relizda tahririyat tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik sababli kelib chiqqan”, – deydi Odiljon Tujiyev.
Sharhlar