Qoʻqonda 11 nafar xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlariga hukm o’qildi
DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida Qoʻqon shahrida faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat jamoat fosh etildi.
Jamoatning 11 nafar aʼzosi Qoʻqon shahri hamda Oʻzbekiston tumanida yashovchi, 1980-2000-yillar oraligʻida tugʻilgan fuqarolar boʻlib, ular orasida farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ menedjeri, gaz quyish shoxobchasida bosh mexanigi, xususiy tadbirkorlik, oshpazlik, ustachilik, kirakashlik bilan shugʻullangan shaxslar bor.
Xabarga ko’ra, 2021-2023-yillar davomida noqonuniy guruh aʼzolari Qoʻqon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yigʻinlar tashkil etgan va unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yaxyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islomiy davlat qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maʼruzalarini eshitishgan. Natijada dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlab kelishgan.
Shuningdek, mamlakatda amalda boʻlgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirishga va “Halifalik” davlati qurishga qaratilgan gʻoyalarni oʻzaro muhokama qilishgan va jamoat aʼzolarining ayrimlari Suriyaga hijrat qilish masalasini ham muhokama qilishgan.
Bundan tashqari, ulardan 2 nafari oʻzaro til biriktirib, hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qoʻqonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023-yilning iyul va avgust oylarida jami 3000 AQSh dollari miqdorida pul mablagʻi yuborishgan.
Jamoat aʼzolari oʻz saflarini kengaytirish uchun yigʻinlarga boshqa fuqarolarni ham jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik gʻoyalarni singdirishgan. “Telegram” messenjerida tashkil etilgan guruhda oʻzaro maʼlumotlar almashinib, navbatdagi yigʻin vaqti va joyi eʼlon qilib borilgan. Ular har 15 kun, 1 oy ichida nima ishlarni amalga oshirganliklari boʻyicha guruh yetakchisiga hisobot berib borishgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining hukmiga koʻra, mazkur noqonuniy guruh aʼzolari tegishliligi boʻyicha Jinoyat Kodeksining 155-3, 159, 244-1 va 244-2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sharhlar