Qoraqalpog‘istonda “Adliya sayli” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi

Adliya vazirligi tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida odamlarga huquqini anglatish mezoniga asoslangan tadbirlar tez-tez tashkil etilmoqda. Ayni shunday tadbirlardan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan 18-sentyabr kuni Nukus shahridagi Mono markazda o‘tkazildi. Ushbu “Adliya sayli” huquqiy aksiyasida ham aholining katta qatlami qamrab olindi.

Tadbirga kelgan fuqarolarni advokatlar, notariuslar, sud tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kutib olishdi va ularni qiynab kelayotgan har xil muammolarga bepul huquqiy maslahatlar berildi.

Sayilga fuqarolar, adliyaga biriktirilgan yoshlar, Nukus shahrida joylashgan barcha oliy o‘quv yurtlari, texnikumlar, maktablar, Ichki ishlar akademiyasi, Temurbeklar maktabidan jami 2000 ga yaqin aholi tashrif buyurdi.

Dastlab, tadbir “Salomatlik uchun besh ming qadam” loyihasi bilan boshlanib, loyiha ishtirokchilari manzilga yetib kelganidan so‘ng davlat madhiyasi yangradi.

Shundan so‘ng, sayil davomida sovrinli viktorinalar, sport musobaqalari, madaniyat xodimlarning konsert dasturi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Hunarmandlar uyushmasi ko‘rgazmasi, sayyor qabullar, mehnat yarmarkalari, harbiy chiqishlar namoyish etilib, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi, shuningdek, psixolog maslahatlari ham berildi.

Sayil davomida Mudofaa boshqarmasi orkestrlari va madaniyat xodimlarining konsert dasturi, sportchi yoshlar tomonidan sportning karate, gimnastika va dzyu-do turlari bo‘yicha chiqishlari namoyish etildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Hunarmandlar uyushmasi ko‘rgazmasi, X.Sulaymanova nomidagi sud ekpertizasi hududiy bo‘limi va Ichki ishlar vazirligiga tegishli xizmat buyumlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor tartibda 20 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ayniqsa, fuqarolar O.Aytimbetov va Sh.Qidirbayevalarning turmush qurib, 8 oydan beri birga yashab kelayotganligi, ammo nikohi qayd etilmaganligi muammosi bilan qilgan murojaati tez fursatda o‘rganilib, yosh oilaning xursandchiligiga sabab bo‘ldi. Shu yerning o‘zida FHDYO bo‘limi tomonidan ularga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi, M.Mambetaliyev va N.Asanovalarga esa farzandlarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari topshirildi.

Sayyor qabulda aholi tomonidan 40 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 12 tasi shu yerning o‘zida hal qilindi va 28 tasi nazoratga olindi.

Shuningdek, adliya tizimida yoshlar bilan ishlash masalasi har doim muhim o‘rinlarda turadi. Adliya vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bugun 500 nafarni tashkil qilmoqda. Ular bilan manzilli ishlash maqsadida adliya organlariga biriktirilgan 1 070 MFYda istiqomat qiluvchi 424 494 nafar yoshlarga 2 355 nafar adliya organlari xodimlari biriktirilgan. 339 402 nafar yoshlar bilan uchrashilib, anketalar va “yo‘l xarita”lar shakllantirilgan. Ushbu uchrashuvlar davomida yoshlarning 33 124 ta muammolari aniqlanib, shundan 19 748 nafar yoki 60 foiz yoshlarning muammolari ijobiy hal qilindi.

Bunday tadbirlarning amalga oshirilishi aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yanada oshirishga, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga, madaniy dam olishlariga xizmat qiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.