Qoraqalpog‘istonda FVB, Xorazmda savdo-sanoat va qurilish, Andijonda esa ekolog mansab vakolatidan foydalanib pora oldi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta qonunbuzilishi holatlariga chek qo‘yildi.
Jumladan, Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tuman bo‘limi boshlig‘i bino va inshootlarga yong‘inga qarshi jihozlarni o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tumandagi ijtimoiy soha obyektlarining bino va inshootlari yog‘och qismlariga yong‘in xususiyatini susaytiruvchi maxsus suyuqlik eritmasi bilan ishlov berilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomalarni tasdiqlab berish evaziga, o‘zining xizmat xonasida 7 mln. 300 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan holatda, Nukus shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limining mansabdor xodimi aholi va tadbirkorlik subyektlariga yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha texnik xizmat ko‘rsatuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etmoqchi bo‘lgan fuqaroga kelgusida uning faoliyatiga rahnamolik qilishini aytib, evaziga har oyda 200 AQSH dollari miqdorida pul berishini talab qiladi. Ammo, u qo‘shtirnoq ichidagi xolis xizmati uchun oldindan 4 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyati boshqarmasining shahar bo‘limi boshlig‘i oilaviy korxonaning mavjud kredit qarzdorligini tijorat bankning “Markazlashtirilgan kredit tarixi” axborot markazi bazasidan o‘chirtirib, ushbu bankdan 100 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib berish evaziga 1500 AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 mln. so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ta’kidlash lozimki, mazkur mansabdor shaxs muqaddam sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Boshqa holatda esa Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Asaka tuman bo‘limi bosh inspektori muqaddam sudlanganligiga qaramasdan, 2021 yilda tuman hokimining qarori bilan Yoshlar sanoat zonasi hududidan o‘zining qarindoshiga sintepon mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida 30 yil muddatga ijara asosida ajratilgan 5 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi Urganch shahar bo‘limining bosh mutaxassisi 470 m2 yer maydonida ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib, qurilish ishlariga nisbatan aholining roziligi bo‘yicha dalolatnomalarni tayyorlab berish evaziga 30 mln. so‘m talab qiladi. Lekin, bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘idan 20 mln. so‘mni olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining Urganch shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ham aloqador ekanligi aniqlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar