Qozog’iston va O’zbekiston ekologiya sohasida hamkorlik qilishda to’g’risida qonun qabul qilindi
Qozog’iston parlamenti yuqori palatasi “Qozog’iston Hukumati va O’zbekiston Hukumati o’rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to’g’risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to’g’risida”gi Qonunni ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda “Kazinform” xalqaro axborot agentligi ma’lum qildi. Ushbu bitim 2022-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida imzolangan. Bitim Qozog’iston va O’zbekiston o’rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda tegishli ravishda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi do’stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Mazkur hujjat doirasida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish va nazorat qilish, suv ifloslanishining oldini olish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekotizimni degradatsiyadan himoya qilish va qum bo’ronlarining oldini olish va boshqa masalalar hisobga olinadi.
Bundan tashqari, Bitim Orol havzasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo’yicha qo’shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni nazarda tutadi. Mazkur xalqaro hujjat doirasida atrof-muhit monitoringi sohasida qo’shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari bo’yicha qo’shma konferensiyalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, shuningdek, ishchi guruhlarni o’tkazish rejalashtirilgan.
Sharhlar