Qozog‘istonda yangi viza turi joriy etilmoqda
Qozog‘istonda “Neo Nomad” nomli yangi viza turi joriy etilmoqda. Ushbu viza zamonaviy ko‘chmanchilar – sayohat qiladigan va masofadan turib ishlaydigan chet ellik sayyohlar uchun mo‘ljallangan.
Yangi viza rejimida pandemiyadan keyin bunday dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan 50 dan ortiq davlatning xalqaro tajribasi hisobga olingan.
Neo Nomad vizasini olish uchun chet el fuqarosi Qozog‘istondan tashqarida doimiy daromadga ega ekanligini isbotlashi kerak, uning miqdori oyiga kamida 3000 AQSH dollari bo‘lishi lozim. Asosiy daromad talablariga qo‘shimcha ravishda, chet ellik arizachi tibbiy sug‘urta va sudlanmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnomaga ega bo‘lishi kerak.
Viza masofadan turib ishlaydigan sayyohlar, ya’ni dasturlash, marketing, moliya, konsalting, dizayn va elektron tijorat kabi turli sohalarda ishlayotgan chet el fuqarolari uchun mo‘ljallangan. Viza egalari Qozog‘istonda bir yilgacha qolish imkoniyatiga ega. Bu vaqt ichida ular xorijiy kompaniyalarda ishlashlari mumkin. Bu xorijlik sayyohlarga Qozog‘iston madaniyati va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini bersa, mamlakatga iqtisodiy foyda keltirishi kutilmoqda.
Agar viza joriy qilinsa, yiliga 500 kishi olsa, iqtisodiy samara taxminan 3,6 milliard tengeni tashkil qiladi. Neo Nomad vizasidan foydalanadigan chet el fuqarolari Qozog‘istonda yashaydi va pullarini shu yerda sarflaydi, lekin ichki mehnat bozoriga ta’sir qilmaydi. Bu dasturning muhim jihatidir.
Sharhlar