Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirilmoqda
Qozog‘istonga ishlash uchun borayotgan va ushbu davlatda bo‘lib turgan fuqarolar diqqatiga, deb xabar bermoqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati.
Xabarga ko‘ra, “3 iyun kunidan boshlab, Qozog‘iston Respublikasining barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda”.
Ushbu reyd tadbirlari davomida Qozog‘iston hududida qonuniy bo‘lib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
“Ta’kidlash joiz, qonunbuzilish holatlari Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari va Mangistau viloyatida ko‘p uchramoqda. Shu munosabat bilan, ushbu davlatga borayotgan va bo‘lib turgan yurtdoshlarimizdan migratsiya qoidalariga rioya qilish so‘raladi”, – deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududida 30 kun muddatgacha bo‘lib turishi mumkin, ammo ushbu davr mobaynida mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi.
Bundan tashqari, ishlash uchun ushbu davlatga borgan shaxsdan darhol ishlash uchun va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olish talab etiladi.
Sharhlar