Qozog‘istonda sodir bo‘lgan YTHda 6 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Fojiali voqea 16-oktabr kuni ertalab soat 07:30da Beyneu-Tajen avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Mang‘istau viloyati politsiya departamenti xabariga ko‘ra, “Jac” rusumli avtomashina yo‘l chetida turgan “MAN” yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Yuk mashinasi yo‘l chetida chegaradan o‘tish uchun navbatda turgan.
Mashinada 10 kishi bo‘lgan. Ulardan 4 nafari Beyneu markaziy tuman kasalxonasiga yotqizilgan. Jarohatlanganlarning ahvoli o‘rtacha og‘ir. Bemorlarga zaruriy muolajalar to‘liq hajmda ta’minlanadi. Yo‘l-transport hodisasi natijasida 6 kishi halok bo‘ldi, — deb xabar berdi viloyat PD matbuot xizmati.
Shuningdek, YTH sodir etgan transport vositalari O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatga olinganligi aniqlandi. Qurbonlar va halok bo‘lganlar Rossiya Federatsiyasidan kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib chiqdi. Ushbu ma’lumotlar asosida tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlab yuborilgan va O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulligiga xabar qilingan.
Sharhlar