Energetika vazirligi: Quyosh paneli o‘rnatishga majburlash yo‘q
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hamda ayrim ommaviy axborot vositalarining veb-saytlarida mamlakatimizning ba’zi bir hududlarida tadbirkorlik sub’ektlari quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani, bu to‘g‘risida ayrim mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ravishda rasmiy xat ham yuborilayotgani va o‘rnatmasa, elektr ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida tahdid bo‘layotgani xususida shikoyatlar yangramoqda.
Energetika vazirligi mazkur mavzudagi mavjud shikoyatlarni o‘rganib chiqib, rasmiy munosabat e’lon qildi.
Xabaringiz bor, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevralda qabul qilingan “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-57-son hamda 2024-yil 14-iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-222-son qarorlari bilan sohadagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va elektr energiyasi hamda tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarning bajarilishini ta’minlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan samarali va tejamkor foydalanishi bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirish, quyosh panellari, quyosh suv kollektorlari o‘rnatish imkoniyati bor tadbirkorlik subyektlari hamda aholi xonadonlari uchun mazkur jihozlarning targ‘ibot-tashviqotini kuchaytirish singari vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Biroq kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa, uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan.
Demakki, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi.
Ikkinchidan, bugun mamlakatimizga quyosh panellari va uning butlovchi qismlarini olib kirayotgan korxonalar soni ham kun sayin ortib bormoqda.
Bojxona qo‘mitasi bilan olib borilayotgan monitoring natijalari bo‘yicha birgina joriy yilning 8 oyida yurtimizga 107 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 1,5 milliontadan ziyod quyosh panellari olib kirildi. E’tiborlisi, tadbirkorlik subyektlarining 64 tasi bu safga joriy yilda qo‘shilgan. Shuningdek, 62 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan salkam 7 ming dona invertorlar olib kirilgan. Buning natijasida agar 2023-yilning sentabr oyida bir kVt quvvatga ega “on grid” (energiya tanqisligi yuz bermasligi yoki elektr energiyasi ortiqcha bo‘lmasligi uchun tarmoqqa ulanish) tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 10 mln so‘mga, “off grid” (energiya ta’minotchilaridan mustaqil tizim. Bunday tizimning muhim tarkibiy qismi quyosh energiyasidan nafaqat kunduzi, balki kechasi ham foydalanish imkonini beruvchi batareyalardir) tizimidagi esa 13 mln so‘mga baholangan bo‘lsa, joriy yilda ularning narxi 30 foizdan ziyod arzonlashib, tegishlicha 7 mln so‘mdan 9 mln so‘mgachani tashkil etmoqda.
Ya’ni, ayrim “iqtisodchi”lar ta’kidlaganidek, ushbu mahsulotlarning importini qandaydir 1-2 ta tashkilot ruxsat orqali amalga oshirmayapti hamda bularning faoliyati Energetika vazirligi tomonidan boshqarilmaydi.
Xuddi shuningdek, o‘tgan yili 5 kVt quvvatga ega “on grid” tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 50 mln so‘m, “off grid” tizimidagi esa 65 mln so‘m turgan bo‘lsa, 2024 yilning sentyabrida bu narxlar 35 mln so‘m va 45 mln so‘mni tashkil qilyapti. Bu avvalo mavjud raqobat muhitining ta’siri bo‘lsa, ikkinchidan, asosiy ishlab chiqaruvchi Xitoydagi narxlarning tushishi ham bunga sabab bo‘ldi.
Uchinchidan, shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2023-yilning 1-oktabridan yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun, 2024-yilning 1-may sanasidan e’tiboran esa aholi iste’molchilari uchun energoresurslar tarif narxlarining tabaqalashtirilgan ravishda oshirilishi iste’molchilarda quyosh paneli hamda geliokollektorlarga nisbatan qiziqishni tabiiy ravishda kuchaytirdi. Xususan, joriy yilning 1-avgustigacha “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha jami 44 516,4 kVt quvvatga teng 13 ming 324 ta, yuridik iste’molchilar bilan esa jami 197 201 kVt quvvatga teng 8 ming 776 ta shartnoma imzolangan. Bu yurtdoshlarimizning barchasi quyosh panelini o‘z xohishi bilan o‘rnatgan.
Energetika vazirligi Axborot xizmati tomonidan uch nafar iste’molchi tasodifiy tanlab olinib, ular bilan suhbatlashildi.
– Bizning “Zilol tekstil” korxonamiz o‘tgan yili har biri 100 kVtdan bo‘lgan 3 ta stansiyani o‘rnatgan, – deydi korxona bosh energetigi Baxtiyor G’afurov. – Korxonamizda bir oyda juda katta miqdorda elektr energiyasi sarflanadi. Ayni paytda har oyda shuning 50 ming kVt⋅soat qismini quyosh panellari yordamida qoplayapmiz. Bu bizga har oyda 45 mln so‘m tejash imkonini beryapti. Quyosh panelining afzalligini bilib, Bo‘ka tumanida qurmoqchi bo‘layotgan korxonamizni to‘liq uning yordamida ishlatmoqchimiz. Shu maqsadda 10-12 MVt quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatishni rejalashtirib turibmiz.
– Men uyimga 15 kVt quvvatli quyosh panelini akkumulyatori bilan birga qo‘yganman, – deydi Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidan Iskandar Matazimov. – Juda ham xursandman. Avvalo, uyim hamisha charog‘on. Har oyda davlatga 1,5 ming kVt⋅soatgacha tok sotyapman. Yana bir jihati, men buni o‘rnatish uchun 150 mln so‘m sarflagan bo‘lsam, uning 45 mln so‘mini davlat subsidiya qilib berdi.
– Uchta ob’ektda jami 480 kVt quvvatga ega quyosh panellarini invertor bilan o‘rnatganmiz, – deydi “Garant mebel” MChJ rahbari Sanjar Qodirxo‘jayev. – Foydasini sezyapman. Har oyda o‘rtacha 85-90 ming kVt⋅soat elektr energiyasini quyosh paneli orqali olamiz. Bu quvvat ishlab chiqarishni ta’minlashga yo‘naltiriladi. Shu orqali oyiga o‘rtacha 85-90 mln so‘m tejayapmiz. Qolaversa, quyosh paneli o‘rnatganimiz uchun 10 yilgacha yer va mol-mulk solig‘idan ham ozod qilinganmiz. Men o‘z shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, hamkasblarimni ham ishlab chiqarishda muqobil energiya manbalaridan foydalanishga chaqirib qolaman.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Energetika vazirligi tadbirkorlik subyektlarini quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bilan mutlaqo kelishmaydi. Ammo tadbirkorlarimiz ham quyosh paneli qo‘yish o‘z biznesi uchun foydali ekanligini anglab yetishsa, nur ustiga nur bo‘lur edi. Qolaversa, bugun bu bozorda taklif qiluvchi ham, talabgor ham, kimlardir o‘ylaganidek, kam emas.
Sharhlar