8 oyda elektr stansiyalarida 3 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi
30-avgust soat 16:45 holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2024-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 3 mlrd kVt⋅soatni tashkil qildi.
Bugungi kunda mamlakatning 7 ta viloyatida umumiy quvvati 2,4 GVt boʻlgan 9 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda bitta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Ushbu “yashil” elektr stansiyalar tomonidan 2024-yil 31-may soat 15:00 ga qadar 1 mlrd kVt·soat miqdorida, joriy yilning birinchi yarim yilligida 1,6 mlrd kVt⋅soat miqdorida, 2024-yil 17-iyul soat 18:20 holatiga ko‘ra esa 2 mlrd kVt⋅soat miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.
Bugun soat 16:45 da mamlakatdagi barcha quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori joriy yil boshidan 3 mlrd kVt⋅soatni tashkil qildi.
Shu paytgacha quyosh elektr stansiyalari tomonidan 2 mlrd 677,8 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyasi tomonidan esa 322,2 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
983,3 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
atmosferaga 1 mln 291,1 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Maʼlumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi 1 million 875 mingta xonadonning 8 oylik yoki 1 mln 250 mingta xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi.
Ushbu ko‘rsatkichlar yil yakuniga qadar mazkur elektr stansiyalar va yangi generatsiya quvvatlari (“yashil” stansiyalar) hisobidan 5 mlrd 740 mln kVt⋅soatga yetishi kutilmoqda.
Sharhlar