Ra’no Nosirova Hamshiralar akademiyasi rektori etib tayinlandi
Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Nosirova Ra’no Rahimovna Hamshiralar akademiyasi rektori etib tayinlandi.
R. Nosirova 1995-yil Toshkent davlat ikkinchi tibbiyot institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini “Toshkentqurilish” davlat korporatsiyasining tibbiy-sanitariya bo‘limi terapevt-shifokori sifatida boshlagan.
Turli yillarda Yakkasaroy tuman 45-sonli oilaviy poliklinika terapiya bo‘limi boshlig‘i, bosh shifokor muovini, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha muovini, 59-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokori lavozimlarida ishlagan.
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlangan R. Nosirova tayinlovga qadar Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi – markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Yangi rahbar zimmasiga oliy hamshiralik ishi yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, tibbiyot texnikumlarining rahbar va pedagoglari hamda hamshiralar malakasini oshirishning uzluksiz va yaxlit tizimini yaratish, o‘quv dasturlari integratsiyasini ta’minlash, ilmiy salohiyatni oshirish, shuningdek, tibbiy ta’lim va ilm-fan sohasida rivojlangan davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish kabi qator vazifalar yuklatildi.
Sharhlar