“O‘zsuvta’minot” Toshkent viloyatida o‘quvchilar suvdan zaharlanganini rad etdi
“O‘zsuvta’minot” AJ Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktabda o‘quvchilar suvdan zaharlangani aytilgan holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Avvalroq bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova o‘quvchilar maktab hududidagi filtrlanmagan suvdan ichgani va sog‘lig‘idan shikoyat qilgani, xususan, 15-sentabrdan 19-sentabrga qadar 12 nafar o‘quvchi o‘tkir ichak kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga borganini bildirgandi.
Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda «Toshkent viloyati suv ta’minoti» kompaniyasi va Olmaliq shahri suv ta’minoti korxonasi xodimlari hamkorligida tekshirish ishlari olib borilib, suvdan, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil uchun namunalar olingan.
«O‘zsuvta’minot»ning ta’kidlashicha, aholidan ichimlik suvi sifati bo‘yicha ma’lumot olinganda ularda e’tiroz hamda ichimlik suvi sababli sog‘lig‘ida shikoyat yo‘qligi aytilgan. SES Olmaliq shahri bo‘limi tomonidan 20 sentyabrda «Buxoro» maktabidan olingan ichimlik suvi namunalari (4 ta) xulosasiga ko‘ra, ichimlik suvi belgilangan me’yor talablariga javob beradi.
Hozirda holat yuzasidan tumani prokuraturasi, bolalar ombudsmani, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qo‘shimcha tekshiruv olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani maktab o‘quvchilarining sog‘lig‘i ijobiy ekanini, ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilganini bildirgan.
Sharhlar