O‘zbekistonda Ramazon hayiti 10-aprel kuni nishonlanadi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining navbatdagi onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Ramazon hayitini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga oid kun tartibidagi bir qator masalalar muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.
Yig‘ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon hayiti qaysi kunga to‘g‘ri kelishi va hijriy 1445-yil Shavvol oyi hilolini kuzatish bo‘yicha qilinayotgan ishlar hamda falakiy hisob-kitoblar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko‘rib chiqildi. Turkiy davlatlar diniy idoralari mas’ullari bilan ham ushbu masala keng muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fiqhiy qoidalar, falakiy hisob-kitoblar va astronomik kuzatishlarga tayangan holda joriy yilda diyorimizda Ramazon hayiti 2024-yil 10-aprel, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Sharhlar